O‘zbekiston

“Yuzaki tashabbus”: Ekopartiya Murod Nazarovning daraxtlarni kesishga moratoriyni bekor qilish taklifini tanqid qildi

Deputatlarning fikricha, agar O‘zbekiston yashil maydonlarni kesishni taqiqlamaganida, cho‘l sharoitiga tushib qolishi mumkin edi.

Avvalroq Murad Buildings qurilish kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuvda Toshkent Bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilayotganini aytib, daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriyni bekor qilish, shuningdek, kompensatsiya uchun “daraxtlar banki”ni tashkil etishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.

Ekopartiya developerning taklifini tanqid qilib, uni chuqur tahlilga asoslanmagan, tabiatga befarq munosabatda bo‘lishga olib kelishi mumkin bo‘lgan va ekologik barqarorlikka tahdid soladigan yuzaki tashabbus deb atadi.

Partiya suv tanqisligi va global isish mamlakat uchun ham kun sayin sezilarli bo‘lib borayotganini ta’kidladi. Bunday sharoitda har bir daraxtni saqlab qolish kelajak avlodlar uchun eng muhim vazifadir. Bitta katta daraxtni o‘stirish uchun kamida o‘n yil, sabr-toqat va doimiy parvarish talab etiladi.

Har bir yetuk daraxt kislorodni chiqarish orqali havoni tozalashi, shovqin darajasini pasaytirishi, haroratni tartibga solishi, tuproq eroziyasini oldini olishi kabi vazifalarni bajarishini nahotki developer bilmasa!?

Deputatlarning ta’kidlashicha, daraxtlarni kesishga moratoriy bekorga kiritilmagan va agar u bo‘lmaganida, O‘zbekiston cho‘l sharoitiga tushib qolgan bo‘lardi. Ayrim noqonuniy kesish holatlariga qaramay, ushbu chora tufayli himoyaga muhtoj daraxtlarning 98 foizdan ortig‘i yo‘q qilinishining oldi olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning olti oyida daraxtlarni kesish bo‘yicha 3 235 ta murojaat rad etilib, 453 238 ta daraxt saqlab qolingan. Shundan 86309 tasi qimmatbaho zotlarga mansub.

So‘nggi paytlarda “qayta ekish” nomida ko‘chirilayotgan yoki yangi ekilgan ko‘chatlarning aksariyati ko‘karmayotgani, qurub qolayotganini jamoatchilik ko‘rib, kuzatib turibdi. Bu kabi tadbirlar, tabiatni asrash emas, aksincha, faqat daraxtlarni yo‘q qilish orqali ekologiyani yanada yomon ahvolga solayotganini ko‘rsatmoqda.

Bunday yondashuv nafaqat ekologik muvozanat tamoyillariga, balki O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan atrof-muhitni muhofaza qilish me’yorlariga ham ziddir.

Agar har kim daraxtni o‘z hududidagi to‘siq sifatida ko‘rib, uni kesishni “muqobil ekish” bilan almashtirsa, bu — tabiatga qarshi ochiqchasiga tajovuz, ya’ni ekologik jinoyat sanaladi.

Rivojlangan mamlakatlarda daraxtning kichik bir qismini noqonuniy kesganlik uchun moliyaviy javobgarlik ko‘zda tutilgan — ba’zi hollarda developerdan yer olib qo‘yilishi ham mumkin. U yerda kesish o‘rniga shikastlangan yoki yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan daraxtlarni “jonlantirish”ga harakat qilinmoqda. Bunday tadbirlar tabiatni muhofaza qilish ishida o‘z samarasini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda ham bu borada keskin choralar ko‘rish, qonunchilikka ana shunday ta’sirli mexanizmlarni joriy etish vaqti yetib keldi. Biz, Ekopartiya deputatlari tadbirkorlarning bu kabi tabiatga beshafqat munosabtalari va takliflariga mutlaqo qarshimiz. Bu kabi chuqur tahlil qilinmasdan bildirilgan takliflar kelgusida tabiatga befarqlik bilan yondashish va ekologik barqarorlikka tahdid soluvchi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuni qat’iy ta’kidlaymiz: har qanday rivojlanish, bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari ekologik manfaatlar hisobiga emas, ular bilan muvozanatda olib borilishi lozim.

Ekopartiya qonunchilik tashabbusi doirasida daraxt va butalar joylashgan hududlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga yordam berishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yondashuvga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ham qo‘shilmagandi. U daraxtlarni kesishga moratoriy haqida gapirish mumkin emasligini aytdi va aholi so‘rovi shaharda binolarni kengaytirishga emas, balki yashil hududlarni ko‘paytirishga qaratilganini ta’kidlagan.

“Moratoriy — muhokama mavzusi emas. Quruvchi daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanligini belgilovchi — bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori”, — dedi Bekmurodov.

Shuningdek, u taklif etilgan kompensatsiya mexanizmining samaradorligiga shubha bildirib, chinor kabi yirik daraxtning o‘sishi uchun 7-10 yil kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday chora-tadbirlarni taklif qilishdan oldin developerlar shaharni ko‘kalamzorlashtirishga qo‘shgan haqiqiy hissasini ko‘rsatishi kerak edi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная