Yoshlarning narkomaniyaga ruju qo‘yish holati eng koʻp Toshkent shahrida qayd etilmoqda
Poytaxtda o‘quvchilar orasida sintetik narkotik iste’mol qilish ko‘payayotgani aytildi.
Oʻzbekistonda yoshlarning giyohvandlik moddalariga ruju qoʻyishi va isteʻmoli boʻyicha eng koʻp holatlar qayd etilayotgan hudud Toshkent shahri boʻlib turibdi. Bu haqda 15-noyabr kuni Toshkentda oʻtkazilgan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalalari boʻyicha xalqaro tadbirdan soʻng jurnalistlarga intervyu bergan Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Durdona Rahimova maʻlum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.
Hozirda Toshkent shahrida rasmiy statistika boʻyicha 18−30 yosh oraligʻidagi 473 ming nafar yigit-qiz boʻlsa, ularning 6 ming nafari ogʻir toifadagi yoshlar hisoblanadi. Durdona Rahimovaning qayd etishicha, shu 6 ming kishining 373 nafari giyohvandlik vositalariga surunkali ravishda ruju qoʻygan va psixotrop moddalarni isteʻmol qiladi.
Durdona Rahimovaning soʻzlariga koʻra, Toshkentda oʻquvchilar orasida sintetik giyohvandlik vositalarini isteʻmol qilish holatlari ham koʻpayib boryapti.
Afsuski, psixotrop moddalarni isteʻmol qilayotgan maktab oʻquvchilari ham bor, buni inkor qilib boʻlmaydi. Bu muammoning ijtimoiy xavfini hisobga olib, uni aniqlashdan qochmaslik kerak, deb oʻylayman. Shu maqsadda maktablarda turli reydlar oʻtkazilyapti, 10-, 11-sinf oʻquvchilari va ularning ota-onalari bilan profilaktik tadbirlar olib borilyapti. Oliy taʻlim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar oʻrtasida ham bunday holatlarni aniqlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan, dedi u.
Hokim oʻrinbosarining taʻkidlashicha, yotoqxonalarda yashaydigan talabalarga nisbatan eʻtiborni kuchaytirish, ularning kechki payt yotoqxonaga oʻz vaqtida kelishi va darsini qilishi ustidan doimiy nazoratni yoʻlga qoʻyish boʻyicha profilaktik tadbirlar ham olib borilyapti.
Avvalroq Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi rahbari Ravshan Mamatov Markaziy Osiyo mintaqasida, xususan, Oʻzbekistonda yoshlar orasida “dorixona narkomaniyasi” tashvishlanarli darajada keng tarqalayotganini taʻkidlagan edi.