Yil boshidan beri O‘zbekistonda “yashil energiya” ishlab chiqarish umumiy hajmning 22 foiziga yetdi
Ayni paytda mamlakatda 12 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi.

2025-yil boshidan buyon O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari 8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqardi, bu umumiy ishlab chiqarishning 22 foizini tashkil etadi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday hajmdagi “yashil energiya” 23-sentyabr holatiga qayd etilgan. Bu 7,3 milliondan ortiq xonadonni to‘qqiz oy yoki 5,5 million xonadonni bir yil davomida elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini berishi qayd etildi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, hozirda mamlakatda umumiy quvvati 4,6 ming megavatt bo‘lgan 12 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu, o‘z navbatida, 2025-yil boshidan 2,4 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 3,5 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldini olish imkonini berdi. Umuman, barcha gidroelektr stansiyalarni qo‘shib hisoblaganda, “yashil” generatsiya hajmi 13,2 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi.
Avvalroq Toshkentda elektr energiyasini saqlash tizimi paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Texnologiyalar elektr energiyasini to‘plash va keyinchalik foydalanish uchun qayta yo‘naltirish imkonini beradi.
Izohlar