Prezident topshirig‘iga ko‘ra, “Prezident archasi” doirasida bolalarga nomma-nom depozit hisob raqamlari ochishga qaror qilindi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
0 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 8 mingdan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga shaxsiy depozit hisobvaraqlari ochildi. Har bir shunday hisob raqamiga davlat tomonidan 500 dollardan qo‘yilgan. Bu mablag‘lar kapitallashtirish hisobiga to‘planib, yildan yilga ko‘payib boradi. Bola 18 yoshga to‘lgandan so‘ng ulardan foydalanishi mumkin.
Shu bilan birga, 9 yoshdan bolalarga va ularning qonuniy vakillariga ijtimoiy kartalar tarqatildi. Bu qulaylik, xavfsizlik va shaffoflik uchun qilingan. Ijtimoiy karta bugungi kunda ham foydali: uning yordamida jamoat transportidan imtiyozli shartlarda foydalanish, xaridlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shaxsni tasdiqlash mumkin.
Barcha operatsiyalarni Baraka mobil ilovasi orqali ko‘rish va nazorat qilish mumkin. Ushbu qo‘llab-quvvatlash davlatning g‘amxo‘rligiga ayniqsa muhtoj bo‘lgan bolalarga qaratilgan:
- mahallalarda yashovchi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga;
- bolalar uylari, oilaviy va kichik bolalar uylari, shuningdek SOS bolalar mahallalari tarbiyalanuvchilariga;
- ota-onasi Vatan sarhadlarini himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan bolalarga;
- “Taskin” xospisi qoshidagi bolalar onkologiya shifoxonasida davolanayotgan bolalarga.
“Taskin” bolalar xospisida davolanayotgan bolalar uchun alohida tartib nazarda tutilgan: depozit hisobvarag‘idagi mablag‘lar istalgan vaqtda — zarurat tug‘ilganda va qonuniy vakillarning iltimosiga ko‘ra bank kartasiga o‘tkazilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv maktablar paydo bo‘ladi. Chora-tadbirlar hukumat qarori bilan belgilangan.





















