10 Iyul 2024, 13:55 Oʻzbekiston

Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻli loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim tasdiqlandi

Bitim 2024-yil 6-iyun kuni Pekin shahrida imzolangan. Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilandi.

Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻli loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim tasdiqlandi

8-iyul kuni “Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Qarorga koʻra, Xitoy hukumati, Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasida Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻli loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlandi.

Bitim 2024-yil 6-iyun kuni Pekin shahrida imzolangan. Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlaydi.

2023-yil may oyida Xitoy temiryoʻl qurilish korporatsiyasining birinchi loyiha-tadqiqot instituti Xitoy — Qirgʻiziston -Oʻzbekiston temiryoʻli qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni yakunlagandi.

Tahlilga koʻra, uning qurilishi ortib borayotgan yuk tashish hajmiga samarali xizmat koʻrsatish, ularni tashish vaqti va narxini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi, degandi Oʻzbekiston rahbari bitimni imzolash marosimida.

Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy isteʼmolchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.

Mashhur yangiliklar