Whats nomli moliyaviy piramida tashkilotchilariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
O‘zbekistonda 500 nafardan ziyod fuqaroni chuv tushirgan Whats platformasi tashkilotchilariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Fuqarolar ishonchiga kirib, pullarini qisqa muddatga ikki baravarga ko‘paytirib berishni va’da qilgan holda Whats nomi bilan moliyaviy piramida tashkil etgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Whats asoschilari platformada “qadamlarni” sotib olish uchun 120 dollardan 17 ming dollargacha pul tikishni, har bir taklif qilingan ishtirokchi uchun 12 foiz bonusga ega bo‘lishni, kunlik chet el filmlariga layk bosish orqali pul ishlashni taklif qilishgan. Platforma targ‘iboti ijtimoiy tarmoqlarda faol olib borilgan. Turli viloyatlardagi mahalliy blogerlar va vaynerlarning Whats’ga jalb qilish mazmunidagi videolari esa ushbu platformani yanada ommalashtirgan.
Olib borilgan tezkor texnik tadbirlar natijasida ushbu tarmoqli firibgarlik platformasini tashkil etgan hamda uni boshqa viloyatlarda ommalashtirish bilan shug‘ullangan holda ko‘plab fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlangan.
Jumladan, Whats platformasi tashkilotchilari hamda uni moliyalashtirgan shaxslar borasida IIV tezkor qidiruv departamenti, Kiberxavfsizlik markazi hamda joylardagi bo‘limlar xodimlari hamkorligida tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan. Jarayonda Buxoro shahrida joylashgan Markaziy savdo majmuasining 2-qavatida “Whats Bukhara” MChJni tashkil qilib, fuqarolarga ushbu platformaga a’zo bo‘lish jarayoni, unda pul ishlash imkoniyatlari va boshqa yo‘nalishlarni targ‘ib qilib kelgan 30 yoshli shaxs aniqlangan.
Qayd etilishicha, Whats platformasi Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ham ko‘plab mahalliy blogerlar tomonidan targ‘ib qilib kelingan. Firibgarlar Whats a’zolari sonini ko‘paytirish maqsadida kelib tushayotgan pullardan tez-tez ziyofatlar tashkil qilib, muhtojlarga ko‘maklashilgan lavhalarni keng tarzda yoritib borishgan.
IIV xabariga ko‘ra, joriy yilning 22 avgust kunidan hozirgacha Whats platformasi bo‘yicha ichki ishlar organlariga jami 500 nafardan ziyod fuqarodan murojaat kelib tushgan. Ularning zarari miqdori 4 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Buxoroda maktab o‘quvchisi o‘zgalar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi Firibgarlar prezidentning fotosuratidan foydalanib, yolg‘on xabar tarqatayotgani aytildi Toshkentda soxta savdogar fuqaroni 22 mln so‘mga chuv tushirdi Andijonda o‘zganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirgan shaxs ushlandi Namanganda oʻzganing behayo rasmlarini tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi