O‘zbekiston

Voyaga yetmaganlar bank kartalarini ochishda muammolarga duch keldi

MB xabarlarga munosabat bildirib, vaziyatni hal qilish bo‘yicha ko‘rsatma yubordi.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilarning voyaga yetmaganlar uchun bank kartalarini ochish va ularni mobil ilovalarga ulashda biometrik identifikatsiyadan o‘tish bilan bog‘liq muammolar haqidagi shikoyatlari tarqaldi. Markaziy bank matbuot xizmati holatga izoh berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilar 14 yoshli fuqarolarga karta ochish uchun ro‘yxatdan o‘tishda muammolarga duch kelgan. Avvalroq Adliya vazirligi fuqarolarga 14 yoshdan boshlab ota-onasidan birining yoki qonuniy vakilining yozma roziligi bilan kartani mustaqil ravishda rasmiylashtirish imkonini beruvchi tuzatishlar haqida xabar bergan edi.

Qayd etilishicha, bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish maqsadida Markaziy bankning tegishli ko‘rsatmasiga asosan banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida “Yangi ro‘yxatdan o‘tish”, “Parolni tiklash” va “Boshqa qurilmadan hisobga kirish”da biometrik identifikatsiyadan (Face-ID) o‘tish mexanizmi joriy etilgan.

Shu munosabat bilan Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga — risklarni boshqarish siyosati asosida — voyaga yetmaganlar uchun mobil ilova orqali elektron to‘lovlarni taqdim etish imkoniyatini ta’minlash, shuningdek, yuqori riskli operatsiyalar uchun qo‘shimcha identifikatsiya mexanizmlarini saqlab qolish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Regulyatorning ta’kidlashicha, yaqin kelajakda voyaga yetmaganlar bank kartalaridan banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki uchta bankni jarimaga tortgani va ikkita to‘lov tizimi faoliyatini cheklagani haqida xabar berilgandi. Regulyator prudensial me’yorlar va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalari buzilishini aniqladi — banklar, MMO va to‘lov tashkilotlari sanksiyalar ostida qoldi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная