21 Oktabr 2024, 18:46 Oʻzbekiston

Vazirliklarning 160 xodimi tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi

To‘rt vazirlikning 160 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik subyektida ta’sischi ekani ma’lum bo‘ldi.

Vazirliklarning 160 xodimi tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, agentlik tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Energetika vazirliklari hamda ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda 160 nafar boshqaruv xodimi 170 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan.

Jumladan:

  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 72 nafar xodimi 79 ta tadbirkorlik sub’yektida;
  • Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 59 nafar xodimi 60 ta tadbirkorlik sub’yektida;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 22 nafar xodimi 23 ta tadbirkorlik sub’yektida;
  • Energetika vazirligining 7 nafar xodimi 8 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.

Ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga agentlik tomonidan taqdimnomalar kiritilgan, tadbirkor xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilgan. Hozirda qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.

Mashhur yangiliklar