O‘zbekiston

Uzbekistan Airports Aksilkorrupsiyaning tenderlardagi qoidabuzarlik haqidagi axborotiga munosabat bildirdi

Kompaniya xarid qonunchilikka muvofiq amalga oshirilganini ta’kidlab, nazorat organi bilan ochiq hamkorlik qilishini ma’lum qildi.

Uzbekistan Airports kompaniyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining bodikameralarni xarid qilish bo‘yicha tender o‘tkazishda qonunchilik talablari buzilgani haqidagi xabariga izoh berdi.

Xabarga ko‘ra, 6,8 mlrd so‘mlik bodikameralarni yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlarni xarid qilish qonunchilik va belgilangan davlat xaridlari tartib-taomillariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilgan.

“Tenderning barcha bosqichlari — tanlov hujjatlarini e’lon qilishdan tortib takliflarni baholashgacha — amaldagi me’yorlar doirasida o‘tkazildi. Xaridni amalga oshirish vaqtida tanlov komissiyasida ishtirokchilarning affillangani to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas edi”, — deyiladi xabarda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, shartnomaning yakuniy summasi QQS bilan 4,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Agentlik e’lonlarida ko‘rsatilgan 6,8 mlrd so‘m yig‘ilgan tijorat takliflari bo‘yicha o‘rtacha qiymat sifatida aniqlangan boshlang‘ich narx edi. Takliflarni yig‘ish rasmiy veb-saytda e’lon berish orqali amalga oshirildi.

“Tanlov va baholash paytida ishtirokchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik aniqlanmadi. Xabarlarda ko‘rsatilgan uchinchi kompaniya tenderda ishtirok etmagan va faqat zaxira g‘olibi bilan umumiy ro‘yxatdan o‘tish manziliga ega bo‘lgan. Binoning o‘zi turli tashkilotlar tomonidan ofis binolarini ijaraga olish uchun mo‘ljallangan”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Qayd etilishicha, qonun bo‘yicha bir manzilda bir nechta kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanmagan, shuning uchun komissiyada g‘olibni yoki zaxiradagi g‘olibni chetlatish uchun asos yo‘q edi. Alohida kompaniyalarning o‘zaro bog‘liqligi protsedura tugagandan va natijalar tasdiqlangandan so‘ng aniqlandi.

Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasi va Uzbekistan Airports qaroriga ko‘ra, xarid natijalari haqiqiy emas deb topildi va o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilindi. Xarid komissiyasi tanlov natijalarini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Uzbekistan Airports tender etender.uzex.uz ochiq elektron platformasida o‘tkazilganini ma’lum qildi. Unda mamlakatning barcha xohlovchi tadbirkorlari, rezidentlari va norezidentlari teng shartlarda ishtirok etishlari mumkin edi. Arizalar 10.07.2025-yildan 17.07.2025-yilgacha qabul qilindi. Tanlov eng past narx usulida o‘tkazilgani uchun avtomatik ravishda eng past narxga ega kompaniya g‘olib deb topildi.

“Uzbekistan Airports nazorat qiluvchi organlarning qarorlarini hurmat qilishini va amalga oshirilayotgan xarid jarayonlariga maksimal shaffoflik va ishonchni ta’minlash maqsadida ular bilan ochiq hamkorlik qilishini tasdiqlaydi”, — deya xulosa qildi kompaniya.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная