3 Iyul 2024, 08:50 Oʻzbekiston

Urganch tumani qurilish boʻlimi sobiq boshligʻiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Shuningdek, 15 ming kv/ m qishloq xoʻjaligi yerida turar joy qurishga ruxsat berib, 756 mln soʻm zarar yetkazgan.

Urganch tumani qurilish boʻlimi sobiq boshligʻiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Xorazm viloyati Urganch tumanining sobiq mansabdorlari yer berish tartibini buzgani aniqlandi, deb xabar bermoqda viloyat prokuraturasi.

Xabarda aytilishicha, prezidentning tegishli farmonida sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari maxsus muhofazaga olingani, ularning qishloq xoʻjaligidan boshqa maqsadlarda, shu jumladan, sanoat va fuqarolik obyektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun ajratilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyilgan.

Shunday boʻlsa-da, Urganch tumani hokimligining yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha komissiyasi sobiq mansabdor shaxslari oʻz mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilib, 41 ball bonitetli 1,5 gektar sugʻoriladigan ekin yer maydonini savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari qurilishi uchun foydalanishdan chiqargan. Bu uchun tuman hokimining noqonuniy qarori qabul qilinishiga erishib, yer berish tartibini buzib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ular 15 ming kvadrat metr qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarida noturar joy obyekti qurilishiga ruxsat bergan. Urganch shahri bosh rejasida yoʻl hududida obyektlar joylashtirib boʻlmasligi belgilanganiga qaramay, obyektning ixtisosini oʻzgartirishga noqonuniy ruxsatnoma bergan. Oqibatda mazkur 14,2 ming kvadrat metr yer maydonida turar joylar qurilib, sotib yuborilgan hamda davlat va jamoat manfaatlariga 756 531 000 soʻm zarar yetkazilgan.

Ushbu holatlar boʻyicha Urganch tumani hokimligining yer uchastkalari berish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha sobiq komissiya mansabdor shaxslari, tuman qurilish boʻlimi sobiq boshligʻi hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (Juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 229−4-moddasi 2-qismi “b” bandi (Sugʻoriladigan yerlarning qishloq xoʻjaligi oborotidan chiqishiga sabab boʻlgan yer berish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Viloyat prokuraturasi tergov harakatlarini boshladi.

Mashhur yangiliklar