18 Fevral 2025, 16:35 Oʻzbekiston

Uch hududda haj va umraga noqonuniy yubormoqchi bo‘lganlar ushlandi

Namangan, Xorazm, Farg‘onada haj va umraga noqonuniy yubormoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi.

Uch hududda haj va umraga noqonuniy yubormoqchi bo‘lganlar ushlandi

DXX va IIV tomonidan joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda haj va umra ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari fosh etildi.

Namangan viloyatida qayd etilgan holatda, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, 1969-yilda tug‘ilgan shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Namangan shahridagi sayyohlik firmalaridan biri orqali joriy yilgi mavsumda haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa holatda esa Namangan shahridagi turistik firmada ish yurituvchi bo‘lib ishlovchi, 1981-yilda tug‘ilgan shaxs 2 nafar fuqaroni ushbu firma orqali hajga yuborish evaziga 15 ming dollar talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi, 1974-yilda tug‘ilgan shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, lekin tegishli lisenziyaga ega bo‘lmagan turistik firma orqali umraga yuborish evaziga 3450 dollar olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshloq tumanida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan shaxs umra ziyoratini tashkil etishga vakolati bo‘lmasada, viza rasmiylashtirib berish orqali, Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni umra safariga jo‘natish evaziga 2400 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Quva tumanida qayd etilgan holatda, 1980-yilda tug‘ilgan shaxs Telegramdagi profili orqali go‘yoki umra ziyoratiga yuborish bilan shug‘ullanuvchi firmasi borligini aytib, aynan umra vizasi bilan 2 nafar fuqaroni ziyoratga jo‘natish evaziga 3100 dollar talab qilib, oldindan 1800 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar