4 Fevral 2025, 12:20 Oʻzbekiston

Uch hududda energiya resurslari va suv taʼminotidan qarzdorlikni “nol” qilib berishni vaʼda qilganlar ushlandi

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Uch hududda energiya resurslari va suv taʼminotidan qarzdorlikni “nol” qilib berishni vaʼda qilganlar ushlandi

Toshkent shahri, Andijon hamda Namangan viloyatlarida tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminotidan qarzdorliklarni yoʻq qilib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Yangihayot tumani boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda “Yangihayottumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi mahallada ishlash xizmati ustasi B.R. fuqaro A.A.ning xonadonida tabiiy gaz taʼminotidan 24 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishi evaziga ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Energosavdo” filiali Andijon boʻlinmasi elektromontyori F.P. norasmiy yordamchisi sifatida ishlatib kelgan tanishi A.A. bilan fuqaro Ya.Yu.ning xonadonida elektr taʼminotidan hisoblangan 5 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishlari evaziga 2,5 mln soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Departamentning Davlatobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “N.S.T.” MChJ Yangi Namangan tumani boʻlimi nazoratchisi A.V. fuqaro M.A.ning xonadonida ichimlik suvi taʼminotidan 12 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishi evaziga 2,6 mln soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar