14 Aprel 2025, 11:22 Oʻzbekiston

Turkiya fuqarosi glyutensiz oziq-ovqat yoʻqligidan Uzbekistan Airwaysʼga shikoyat qildi

Yoʻlovchi sogʻligʻi tufayli maxsus oziq-ovqat mahsulotlariga muhtoj boʻlgan.

Turkiya fuqarosi glyutensiz oziq-ovqat yoʻqligidan Uzbekistan Airwaysʼga shikoyat qildi

Turkiya fuqarosi Anqaradan Toshkentga uchayotganda Uzbekistan Airways xodimlari unga glyutensiz maxsus ovqat bermaganidan shikoyat qildi, deb xabar bermoqda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi matbuot xizmati.

Maʼlum boʻlishicha, yoʻlovchi chipta sotib olayotganda sogʻligʻi haqida aviakompaniyani oldindan xabardor qilgan va kompaniya bortda maxsus ovqat bilan taʼminlanishini tasdiqlagan. Biroq parvoz kuni bu majburiyat bajarilmadi.

Bundan tashqari, samolyot salonining sanitariya-gigiyena holati talabga javob bermagan — yoʻlovchi oʻrindigʻida avvalgi reysdan qolgan chiqindilar boʻlgan. Xizmat tekshiruvi natijasida aviakompaniya xatoni tasdiqladi. Anqara aeroportining keytering xizmati tomonidan oziq-ovqat yuklanmagan.

Yetkazilgan maʼnaviy va moddiy zararni qoplash uchun aviakompaniya yoʻlovchiga keyingi reysda xizmat koʻrsatish darajasini biznes-klassga koʻtarish imkoniyatini taqdim etdi. Shuningdek, aviakompaniyalarga samolyot salonining sanitariya holati ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Mashhur yangiliklar