Toshkentning beshta ko‘chasida ruxsat etilgan tezlikni soatiga 80 kilometrgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, tirbandlik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish uchun rasmiylar 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakatni joriy etishni rejalashtirmoqda.

Toshkentning ayrim ko‘chalarida avtomobillar uchun tezlik rejimi oshirilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” poytaxt YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimovga tayanib.
Xalq deputatlari poytaxt kengashi yig‘ilishidagi nutqi davomida amaldor Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish ko‘chalarida, shuningdek, Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chasida transport vositalari uchun ruxsat etilgan eng yuqori tezlik chegarasini soatiga 80 kilometrga o‘zgartirish taklif qilinganini aytdi.
Yana 12 ta ko‘chada rasmiylar bir tomonlama harakatni joriy etishni rejalashtirmoqda. Elmurod Alimov aynan qaysi ko‘chalarda ekaniga aniqlik kiritmadi. Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bunday tashabbusni mutaxassislar mahalliy va xorijiy tajribani o‘rgangan holda ilgari surgan. Bu tirbandliklar va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, shuningdek, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l harakati ishtirokchilariga qulaylik yaratishga yordam berishi rejalashtirilgan.
Elmurod Alimov yo‘llarda svetoforlar ishlamay qolayotgan elektr energiyasi muammosiga ham to‘xtalib o‘tdi. Amaldorning ta’kidlashicha, bunday holatlar vaqtni oladi va inspektorning jismoniy kuchini jalb qilishga majbur qiladi. YHXB boshlig‘i o‘rinbosari bunday muammolarni hal qilish uchun markaziy chorrahalarda uzluksiz elektr ta’minoti manbalarini o‘rnatishni taklif qildi.
Biz poytaxt markazidagi 500 ta svetofor obyektiga UPS o‘rnatishni taklif qilamiz. Bu svetoforlarga elektr uzilishidan keyin yana besh-olti soat — energiya ta’minoti tiklangunga qadar avtonom rejimda ishlash imkonini beradi, — dedi Elmurod Alimov.
Avvalroq O‘zbekistonning ayrim yo‘llarida 130 km/soatgacha tezlikka ruxsat berilishi mumkinligi xabar qilingandi. Tekshiruvlar va infratuzilma tayyorlangandan so‘ng yakuniy qaror qabul qilinadi.
Izohlar