Toshkentdan yuk temir yo‘l stansiyalari ko‘chirilishi mumkin
Tranzit yuklarni tashish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

Toshkentda yuk temir yo‘l stansiyalarini shahar tashqarisiga olib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimotida aytib o‘tildi.
Hozir tranzit yuklarni tashish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Bunday tashuvlar hajmi kelgusi yillarda 40 foizga oshirilsa, daromadni 2 barobarga oshirish mumkin.
Masalan, ilk bor Xitoy – Turkiya yo‘nalishida yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatga yangi tarkiblar olib kelinmoqda va reyslar soni yil sayin ortib bormoqda. Shu bois temir yo‘l infratuzilmasining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini bosqichma-bosqich oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, Toshkent shahri atrofida bu masala dolzarb hisoblanadi. Bugungi kunda tashqi yuklarning 70 foizi “Chuqursoy” bekati orqali o‘tmoqda, bu esa ba’zan bir necha kunlik kechikishlar, qo‘shimcha xarajatlar va navbatlarga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois yuk stansiyalarini poytaxtdan olib chiqib, Yangiyo‘l tumani va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar qurish taklifi bildirildi. Shuningdek, “Ozodlik—Guliston” aylanma yo‘lini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu Toshkentga kirmasdan yuk tashish hajmini ikki baravar oshirish imkonini beradi.
Yangi loyihalar qatorida “Samarqand—Urgut” temir yo‘l liniyasi ham bor. Hozirda 7 km temir yo‘l yotqizilgan. Liniyaning umumiy uzunligi 54 km bo‘lib, “Urgut” iqtisodiy zonasi hududida ikkita vokzal va ikkita yuk stansiyasi quriladi.
Vokzallar hududiga kirishni soddalashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Harakatlanish uchun qulayliklar yaratish, sayyohlar uchun sharoitlarni yaxshilash, avtoturargohlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya Afg‘oniston orqali o‘tadigan temir yo‘lni loyihalashtirishi haqida xabar berilgandi. Yo‘nalish rasmiy Toshkent uchun noyob imkoniyat taqdim etishi mumkin.
Izohlar