O‘zbekiston

Toshkentdagi maktabda birinchi sinflardan birini pulli qilishga qaror qilindi

Oyiga bir necha million so‘m evaziga o‘quvchilarni uch mahal ovqatlanish, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va kechgacha to‘garaklar kutmoqda.

Toshkentdagi maktabda birinchi sinflardan birini pulli qilishga qaror qilindi
Фото: Ситуативное

Toshkentdagi 50-maktabda birinchi sinflardan birini pullik qilishga qaror qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz o‘quvchilar ota-onalarining shikoyatlariga tayanib.

Maktab ma’muriyati to‘rtta birinchi sinfdan birini tijorat sinfi sifatida tashkil etdi. Uning narxi oyiga 2 mln 800 ming so‘mni tashkil etadi va direktorning so‘zlariga ko‘ra, bu narxga uch mahal ovqatlanish, darslar, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va kechgacha robototexnika, chizmachilik, raqs, ikkita sport turi, mahorat darslari, ingliz tilidan qo‘shimcha mashg‘ulotlar kabi to‘garaklar kiradi.

Maktab direktori o‘zini o‘quvchining ota-onasi deb tanishtirgan jurnalistga bunday tizim boshlang‘ich sinflarda xona yetishmasligi sababli ishlayotganini aytgan. Bundan tashqari, ushbu muassasaning 2-sinflarida o‘zbek tili darslari ham yo‘lga qo‘yilib, har kuni 3 tadan mashg‘ulot o‘tkazilmoqda.

“Tijoriy sinflarni ochganimizga ikkinchi yil ketyapti. O‘tgan yili birinchisini ochganmiz, bu yil ikkinchi yil. Boshqa maktabda direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelganman, u maktabda ham pulli sinf bor edi, bu tizim ishlayotganiga 4 yil bo‘lyapti, shu sabab menda bu birinchisi emas”, — deya tushuntirdi maktab direktori.

Shuningdek, ta’lim muassasasi rahbari maktabga qabul qanday amalga oshirilishi haqida so‘zlab berdi:

“20-iyunda my.maktab.uz bazasi ochiladi. U bazada o‘zingizni, keyin farzandingizni ro‘yxatdan o‘tkazasiz. “Propiska” bo‘yicha bolani maktabga joylashtirishingiz kerak. Keyin avgust oyida qo‘shimcha kvota ochiladi, xuddi o‘sha saytning o‘zida asosiy kvotadan keyin qo‘shimcha kvotani tanlab, tumanimiz va 50-maktabni tanlab, navbatga turasiz. Keyin suhbatga kelasizlar. Mikrohududimiz kichkina, shu sabab ota-onalarimizda navbatga turishga bemalol imkoniyat bor”, — dedi ayol.

“Bu axir davlat maktabi-ku, nimalar qilishyapti bular? Tajribali sinf rahbarlarining sinflari pulli bo‘larkan, tajribasiz, reytingi pastlariniki esa tekin. Bu toza odam ajratish-ku, axir. Nimalar bo‘lyapti o‘zi? To‘lashga puli yo‘qlarning farzandi yaxshi sinf rahbarida o‘qishga loyiq emas ekan!” — o‘z navbatida, ismi sir qolishini so‘ragan onalardan biri g‘azablandi.

Shu bilan birga, 2019 yilda hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, umumta’lim maktablarida pullik ta’lim xizmatlari faqat qo‘shimcha mashg‘ulotlar shaklida ko‘rsatilishi mumkin. Bu mashg‘ulotlar o‘quv dasturidan tashqarida bo‘lishi va faqat direktor va ota-onalar o‘rtasidagi shartnoma asosida o‘tkazilishi kerak. Narx maktab kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda direktor tomonidan belgilanadi. O‘quvchilarni majburiy pullik mashg‘ulotlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, qonunchilikda “to‘lovli” yoki “tijorat” sinfi ta’rifi mavjud emas. Konstitutsiyaning 50-moddasiga ko‘ra, davlat bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich professional ta’limni kafolatlaydi. Xuddi shu narsa O‘zbekiston 1994-yilda ratifikatsiya qilgan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 28-moddasida ham mustahkamlangan.

Avvalroq Toshkentda maktab o‘quvchilarining ota-onalari “sinf fondi” tashkil etishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi. MMTB xodimlari ta’mirlash uchun pul yig‘ilgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirgan.

Izohlar

Mavzuga oid