Toshkent metropoliteni “Hamid Olimjon” metro bekatining ikkinchi kirish va vestibyuli ochilish sanasini e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi eskalatorlarni o‘rnatish va sozlash bo‘yicha barcha ishlar yakunlangan. Hozirda uskunalar pudratchi tashkilotda laboratoriya texnik sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Shundan so‘ng, eskalatorlar sinov tariqasida 48 soat davomida yo‘lovchilarsiz ishlaydi.
Sinovlar yakunlangach, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining ruxsati olingach, eskalatorlar foydalanishga topshiriladi.
Rejaga ko‘ra, joriy yilning 19-yanvaridan boshlab stansiyaning ikkinchi kirish qismi va vestibyuli yo‘lovchilar uchun to‘liq ochiladi. Yangi eskalatorlar zamonaviy standartlarga javob beradi va energiya tejovchi sensor tizimlari bilan jihozlangan.
Avvalroq Toshkent metrosi uzunroq bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Rasmiylar yo‘llardagi tirbandlikka qarshi kurashish uchun jamoat transportiga e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.



















