Toshkentda YPX inspektorini mashinasida sudragan haydovchi 15 sutkaga qamaldi
U xodimning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirib, bir necha qoidabuzarliklar sodir etgan.
Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida xizmat olib borayotgan YPX xodimi talablariga bo‘ysunmagan fuqaroga chora ko‘rildi, deya xabar bermoqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, inspektor 13-iyul kuni davlat raqamisiz harakatlanib kelayotgan transport vositasini to‘xtatgan. Biroq haydovchi to‘xtamay, voqea joyidan ketib qolgan, so‘ngra inspektor uning orqasidan kuzatib borgan.
Jarayonda haydovchi bir necha marta ogohlantirilgan, shunga qaramasdan, u svetoforning taqiqlovchi chiroqlariga amal qilmay, yo‘lning qarama-qarshi qismiga chiqib, xavfli “manyovr”lar qilgan holda yo‘lida davom etgan.
Yangihayot tumaniga kelib haydovchi piyodalar o‘tish joyida to‘xtadi. Undan mashinadan tushishini talab qildim, ammo haydovchi bunga ham bo‘ysunmasdan mashinasini menga qarata harakatlantirdi va 400−500 metrcha kapot qismida harakatlanib bordim, dedi YPX xodimi.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida haydovchi to‘xtatilib, sodir etgan qoidabuzarligi uchun hujjatlar qonuniy tartibda rasmiylashtirilgan. Hodisa oqibatida xodim chap oyoq bo‘g‘imlari lat yeyishi jarohatini olgan. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi tomonidan qoidabuzar haydovchiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentdagi bog‘chada bola ayollar kiyimini kiyib, raqsga tushishga majburlandi Toshkent tumanida 43 ming xonadon noma’lum muddatga gazsiz qoladi Toshkent shahrida sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi Toshkentda qurilish tashkiloti elektr tarmog‘ini uzib yubordi O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 5,1 mln so‘mdan oshdi