Toshkentda Xitoy kompaniyasi yordamida yo‘llar modernizatsiya qilinmoqda
O‘zbekistonning davlat kafolati ostidagi Xitoy banki kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan ishlarning umumiy hajmi 270 million dollarni tashkil etadi.

Toshkentda Xitoyning China Construction Fifth Engineering Division kompaniyasi ishtirokida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalari amalga oshirilmoqda, deyiladi Transportni boshqarishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha yo‘l xaritasida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat kafolati ostidagi Xitoy banki kreditlari hisobidan moliyalashtirilayotgan ishlarning umumiy qiymati 270 million dollardan oshadi.
Birinchi bosqich doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
- Shahrisabz ko‘chasining A. Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmasidan Mirobod ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan 3 kilometrlik qismini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil etgan va yondosh yo‘l infratuzilmasini yangilagan holda ta’mirlash va modernizatsiya qilish. Qiymati — 6 mln dollar, muddati — 2026-yil sentyabr;
- A. Temur shoh ko‘chasining Toshkent halqa yo‘lidan (Uchqahramon chorrahasi) Kichik halqa yo‘ligacha (Shimoliy vokzal) bo‘lgan 11 kilometr qismini, shuningdek, Yangi Sergeli ko‘chasining Choshtepa ko‘chasi bilan kesishmasidan Qipchoq ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan 5,5 kilometr qismini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil etgan va yo‘l infratuzilmasini yangilagan holda modernizatsiya qilish va ta’mirlash. Qiymati — 16,5 mln dollar, muddati — 2026-yil noyabr;
- Maxtumquli, Mirzo Ulug‘bek — Feruza — Yuzrabot, Lutfiy, Muqimiy, Nurafshon, Qoratosh – Ko‘kcha darvoza va THAY — Parkent ko‘chalarining 38 km qismini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil etgan holda ta’mirlash va modernizatsiya qilish, shuningdek, ushbu ko‘chalar bo‘ylab yo‘l infratuzilmasini yangilash. Qiymati — 76 mln dollar, realizatsiya qilish — 2026-2029-yillar.
Ikkinchi bosqich doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
- 16 ta ko‘chada 36 km yo‘l qoplamasi va unga tutash infratuzilmani ta’mirlash va modernizatsiya qilish. Qiymati — $36,5 mln, realizatsiya qilish — 2026 yil davomida;
- Kichik halqa yo‘lining Pahlavon ko‘chasini Elbek ko‘chasi bilan bog‘lovchi qismida (ZO‘R TV yonida) yo‘l o‘tkazgich qurish. Qiymati — $25,4 mln, realizatsiya qilish muddati — 2026-yil dekabr.
Uchinchi bosqich doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
- 33 km avtomobil yo‘llarini va 9 ta ko‘chadagi yo‘l infratuzilmasini, shu jumladan ajratilgan avtobus yo‘laklarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish, piyodalar xavfsizligini oshirish uchun himoya to‘siqlari va qabariq sun’iy noravonliklarni o‘rnatish. Qiymati — 33,5 mln dollar, realizatsiya qilish — 2027 yil davomida;
- Amir Temur shohko‘chasining Rixsiliy va Yangishahar ko‘chalari bilan kesishgan joyida (Yunusobod halqa yo‘li) yer osti avtomobil tunneli qurish. Qiymati — 26,2 mln dollar, realizatsiya qilish — 2027 yil davomida.
To‘rtinchi bosqichda piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 50 km avtomobil yo‘llari va 15 ta ko‘chadagi yo‘l infratuzilmasini, jumladan, ajratilgan avtobus yo‘laklari, himoya to‘siqlari va qabariq sun’iy noravonliklarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Qiymati — 51 mln dollar, realizatsiya qilish — 2028 yil davomida.
Izohlar