Toshkentda Turkiya elchixonasi qoshida maktab quriladi
Poytaxt hokimligi uchastka ajratish to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi.

Toshkent hokimligi Turkiya elchixonasi qoshida maktab qurish uchun yer ajratdi, deb xabar berdi poytaxt hokimligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar hokimligi Shayxontohur tumani “Ko‘h ota” mahallasida joylashgan Turkiya elchixonasi huzuridagi maktab binosi uchun 0,31 gektar yer maydonini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga doimiy foydalanishga bergan.
Qayd etilishicha, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini tayyorlash va uchastkani rasmiylashtirish uchun hokimiyat belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazi orqali ariza rasmiylashtiradi. Shuningdek, “Qurilishda loyiha qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri davlat ilmiy-tadqiqot instituti” davlat unitar korxonasining Toshkent shahridagi filialiga yer osti muhandislik kommunikatsiyalari tushirilgan 1:500 masshtabli bosmaxona xaritasi va geologik xulosa buyurtma qilinadi.
Hokimiyat loyiha tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma asosida loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlaydi va tegishli idoralarga ham taqdim etadi. Muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish yoki ularning muhofaza zonasi saqlanishini ta’minlash ishlari o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari yakunlangach, rasmiylar bosmaxona xaritasini institutga qaytarib beradi.
Avvalroq Toshkent viloyatida harbiy-vatanparvarlik bog‘i paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev qurilish ishlari uchun milliardlab so‘m mablag‘ ajratgan.
Izohlar