Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi 45 mln so‘mni o‘zlashtirgan Olmazor tumani IIO FMB tergov bo‘limining sobiq tergovchisiga nisbatan ishni ko‘rib chiqdi.
2025-yil mart oyida u Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Yangi tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, u 2023-yilda xizmat vazifasini bajarib turgan vaqtida Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatgan, shuningdek, ishda ishtirok etgan shaxs tomonidan IIV depozitiga yetkazilgan zararni qoplash uchun qo‘yilgan pullar (45 mln so‘m) ishga aloqasi bo‘lmagan uchinchi shaxsga – uning tanishiga berilganligi to‘g‘risida soxta qaror chiqargan. Sobiq tergovchi xizmat mavqeidan foydalanib, hujjatlarni soxtalashtirib, bu mablag‘larni o‘zlashtirgan.
U Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan aybdor deb topilgan, biroq ushbu modda bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati tugaganligi sababli jazodan ozod qilingan (sud 2023-yil 25-martda sodir etilgan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilgan).
Shuningdek, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “v, g” bandi (mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan aybdor deb topilgan. O‘g‘irlangan pulni oxir-oqibat to‘ladi.
Avvalgi hukmi inobatga olinib, unga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi hamda 3 yil muddatga IIV tizimida ishlashga taqiqlov belgilandi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.




















