Toshkentda talaba-narkokuryerlar ushlandi
Birinchi kurs talabalari giyohvand moddalarni ko‘rsatilgan geolokatsiyalardan olib, yotoqxonada dozalarga qadoqlab, belgilangan manzillarga jo‘natishgan.

Toshkentda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbiri doirasida giyohvand moddalarni tashish bilan shug‘ullangan OTMning 1-kurs talabalari qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki nafar talaba xolislar ishtirokida tekshirilganda, 120 gramm “alfa-pvp” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 18 yoshli talaba vaqtincha yashab turgan universitet yotoqxonasi ko‘zdan kechirilganda 400 gramm “alfa-pvp” topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu 2 nafar talaba sintetik giyohvandlik vositalarini tanishlari tomonidan ko‘rsatilgan geolokatsiyalardan olib, universitet yotoqxonasida dozalarga qadoqlab, belgilangan manzillarga jo‘natib turgan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 520 gramm, ya’ni bir martalik 2600 dozadagi sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Qo‘lga olinganlar Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sintetik giyohvandlik vositalari manbalari va boshqa jinoiy sheriklarni aniqlash bo‘yicha tadbirlar davom etmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda DXX xodimlari giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik UJGni fosh qilgani haqida xabar berilgandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari 17 kg sintetik giyohvand moddalar tarqalishining oldini oldi.
Izohlar