Toshkentda rekord miqdorda giyohvandlik vositalari ishlab chiqargan shaxs ushlandi
IIV va DXX xodimlari poytaxtda qiymati 1 mln dollarlik giyohvandlik vositalari ishlab chiqargan shaxsni qamoqqa oldi.
Toshkent shahrida 1 mln dollarlik sintetik giyohvand vositalar tayyorlangan laboratoriya fosh etildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Mirobod tumanida DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda qoʻlga olingan shaxs bir nechta manzilda joylashgan giyohvandlik moddalari laboratoriyasidan foydalanib, sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelgani fosh etilgan.
“Oʻzbekiston 24” telekanalida xabar berilishicha, mana shunday manzillardan biri Yashnobod tumanidagi koʻp qavatli uylardan birida aniqlangan. Shuningdek, fuqaroning Toshkent viloyatida joylashgan xonadoni koʻzdan kechirilganda, u yerda sintetik narkotik vositalar, turli konteynerlar, qoʻlqoplar, tarozi va gazga qarshi niqoblar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Oʻsha kuni birinchi laboratoriyadan 4,8 kg, ikkinchisidan esa 9,9 kg, jami 14,7 kg umumiy narxi taxminan 1 mln dollarga teng boʻlgan sintetik giyohvandlik vositalari aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Ashyoviy dalillar Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi Ekspert-kriminalistika markazi tomonidan tekshiruvdan oʻtkazildi. Markaz xulosasiga koʻra, olingan moddalarning barchasi sintetik giyohvand moddalar ekani oʻz tasdigʻini topdi, deyiladi videolavhada.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumon qilinuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi Toshkent shahri transport bosh boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlandi Toshkentdagi ikkita koʻchada harakat qariyb 20 kunga cheklanadi Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi Toshkentdagi International mehmonxonasi 26 mln dollarga sotildi