11 Oktabr 2024, 09:39 Oʻzbekiston

Toshkentda qoʻlbola aroq ishlab chiqarayotgan yashirin sexlar fosh etildi

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Toshkentda qoʻlbola aroq ishlab chiqarayotgan yashirin sexlar fosh etildi

Qoʻlbola alkogol mahsulotlari ishlab chiqargan yashirin sexdan 850 litr etil spirti ashyoviy dalil sifatida olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda fuqarolar M.A., M.M. va boshqalar Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani Qovunchi MFY hududidagi xonadonda yashirin sex tashkil etgan.

Maʼlum boʻlishicha, ular qalbaki aksiz markalardan foydalangan holda sotish maqsadida qoʻlbola alkogol mahsulotlarini ishlab chiqargan. Tadbir davomida ushbu xonadondan “Toshkent oqshomi” nomli 185 dona isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsuloti hamda 85 dona yelim idishdagi jami 850 litr etil spirti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Yakkasaroy tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “S.N.” MChJ rahbari B.X. xaridorga 2 dona aksiz markasi shubhali boʻlgan spirtli ichimlikni sotgan vaqtida ushlanib, tadbir davomida ushbu doʻkondan turli nomdagi qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Manbaga koʻra, hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar