17 Oktabr 2024, 13:40 Oʻzbekiston

Toshkentda pulli avtoturargohlar uchun to‘lovlar miqdori tasdiqlandi

To‘lovlar tarif zonalariga ko‘ra bir soat uchun 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha etib belgilandi.

Toshkentda pulli avtoturargohlar uchun to‘lovlar miqdori tasdiqlandi

Shavkat Umurzoqov 16-oktyabr kuni Toshkent shahrida transport vositalarining pulli to‘xtab turish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, hokimlik va “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ularni bosqichma-bosqich tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

Hujjatda pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdori ham tasdiqlandi. Parking hududlari 5 ta tarif zonasiga bo‘linadi.

Bir soatlik to‘xtab turish narxlari:

  • 1-tarif zonasida 12 ming so‘m;
  • 2-tarif zonasida 10 ming so‘m;
  • 3-zonada 8 ming so‘m;
  • 4-zonada 6 ming so‘m;
  • 5-tarif zonasida 5 ming so‘mni tashkil qiladi.

Parking transport vositalarini saqlash uchun mo‘ljallanmagan. U yerda uchinchi shaxslar tomonidan transport vositalarining olib qochilishi va shikastlanishi xavfi avtomobillar egalari zimmasida qoladi.

Ayrim guruh nogironlari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydigan ikki g‘ildirakli transport vositalari bepul joylashtirilishi mumkin.

Mashhur yangiliklar