O‘zbekiston

Toshkentda minglab nosoz liftlar aniqlandi va ularning xavfsizligi ustidan nazorat kuchaytirildi

Endi ko‘tarish qurilmalari yashil, ko‘k, sariq va qizil toifalarga bo‘linadi.

Toshkent shahridagi 9 147 ta lift o‘rnatilgan ko‘p qavatli uylarda jami 37 103 ta nosozlik aniqlandi, deb xabar berdi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Olimjon Jo‘rayev.

Yil boshidan buyon Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan korxonalarning 2 755 nafar ishchi-xodimi uchun 121 ta nazorat tadbiri, 10 381 ta profilaktik tadbir va bilim sinovlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar davomida 1 145 ta qonun talablari buzilganligi aniqlanib, 135 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, 8-sentyabr kuni Toshkentning Chilonzor tumanidagi Dombirobod City turar-joy majmuasi qurilish obyektida kran qulab tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan va ikki kishi og‘ir tan jarohati olgan. Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma tomonidan tegishli choralar ko‘rildi.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi 17 ta madaniyat va istirohat bog‘i hamda ko‘ngilochar hududlarda 45 ta attraksionning texnik pasporti mavjud emas. 23 tasida ularning sozligi va xavfsizligi uchun mas’ullar belgilanmagan, 39 ta attraksion mavsumiy ruxsatnomasiz faoliyat yuritgan. Ularning faoliyati to‘xtatildi.

Topshiriqlarga ko‘ra, respublikadagi barcha liftlar, jumladan, poytaxtimizdagi ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan 9 147 ta lift tekshiruvdan o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklar tegishli tuman hokimliklari tomonidan “Xavfsiz lift” platformasiga kiritilgan.

Aholini liftlarning texnik holati to‘g‘risida xabardor qilish uchun kabinalarga quyidagi stikerlar joylashtiriladi: yashil — soz, ko‘k — qisman nosoz, sariq — nosoz, qizil — foydalanish uchun xavfli. Mazkur texnik reglament 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi, nosoz liftlardan foydalanish taqiqlanadi.

Poytaxt fuqarolarini avariya va baxtsiz hodisalardan himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida texnik ko‘rikdan o‘tmagan 6 844 ta liftga «Lift texnik ko‘rikdan o‘tmadi, — degan yozuvli yorliqlar yopishtirilgan.

Асия Мамадиярова
Редактор «NOVA24»

Izohlar

Mavzuga oid

Главная