22 Fevral 2025, 11:26 Oʻzbekiston

Toshkentda mijozining yuziga jarohat yetkazgan kosmetolog jarimaga tortildi

Sudlanuvchi kosmetolog sud majlisida o‘z aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

Toshkentda mijozining yuziga jarohat yetkazgan kosmetolog jarimaga tortildi

Toshkent shahri Chilonzor tumanida kosmetolog bo‘lib ishlovchi ayol mijozining yuziga ehtiyotsizlik oqibatida tan jarohati yetkazib qo‘ygani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, sudlanuvchi Chilonzor tumanida joylashgan ayollar salonida kosmetolog lavozimida ishlab kelgan. U tibbiyot sohasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligidan tegishli ruxsatnoma olmasdan, qonun talablariga zid ravishda, 2023 yilning 20 sentyabr kuni soat 22:00 larda o‘z-o‘ziga ishonishi yoki beparvoligi orqasida ushbu salonga mijoz sifatida kelgan ayolning yuz sohasini toraytirishi uchun uning peshona sohasidan quloq oldi sohasigacha tibbiy buyum (skalpel) yordamida kesish yo‘li bilan jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, mijozga ehtiyotsizlik orqasidan tan jarohati yetkazgan.

Qayd etilishicha, sudlanuvchi sud majlisida o‘z aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2025 yil 20 fevraldagi hukmiga ko‘ra, kosmetolog Jinoyat kodeksining 111-moddasi (ehtiyotsizlik orqasidan badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi bilan aybli deb topilgan va Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda BHMning 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Mashhur yangiliklar