O‘zbekiston

Toshkentda mast holda mashina o‘g‘irlagan sobiq sudya yetti yilga qamaldi

Avvalroq Sudyalar oliy kengashi sud etikasi kodeksi talablarini buzgan mutaxassisni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Toshkentda Mirobod tumanining sobiq sudyasi mast holda avtomobil o‘g‘irlaganlikda ayblanib, unga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov NOVA24’ga ma’lum qildi.

Hodisa haqidagi ma’lumotlar 21-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi lavozimida ishlagan erkak mast holda avtomobilni olib qochganlikda gumonlangan. Shundan so‘ng Sudyalar oliy kengashi tomonidan Sudyalar odobi kodeksiga asosan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, xulosa berilgan va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Yakunda qabul qilingan qarorga ko‘ra, sudya Sud etikasi kodeksi talablarini buzgani uchun lavozimidan ozod etildi. Erkak o‘z vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatdi. Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashi hodisaga aloqadorligi aytilayotgan boshqa sudyalarning harakatlarini ham ko‘rib chiqqanini ma’lum qildi.

Natijada 11-sentyabr kuni Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 44 yoshli erkakni 219-modda (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 267-modda (Transport vositasini olib qochish) bilan aybdor deb topib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Avvalroq Jizzaxda sudya yordamchisi 300 dollar pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. Erkak tanishiga eri bilan ajrashishni tezlashtirishga va mol-mulkning bir qismini olishga yordam berishga va’da bergan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная