2 Oktabr 2024, 13:45 Oʻzbekiston

Toshkentda maktab o‘quvchisi futbol darvozasi bosib qolishi oqibatida vafot etdi

Olmazor tumanida 11-sinf o‘quvchisi ustiga futbol darvozasi yiqilishi oqibatida halok bo‘ldi.

Toshkentda maktab o‘quvchisi futbol darvozasi bosib qolishi oqibatida vafot etdi

Toshkent shahar Olmazor tumanida maktab o‘quvchisi ustiga futbol darvozasi tushib ketishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 133-umumta’lim maktabining 11-A sinf o‘quvchisi, 2007-yil 3-iyul kuni tug‘ilgan A.M. 27-sentyabr kuni sinfdoshlari bilan soat 20:00 larda ovqatlanishga, undan so‘ng 21:00-22:00 lar atrofida tumandagi 134-maktab sport maydoniga futbol o‘ynagani borgan.

Futbol o‘ynab bo‘lgandan so‘ng ketmoqchi bo‘lib turishganda A.M. futbol darvozasiga osilgan, muvozanatni ushlolmay chalqancha yiqilgan. Bolaning ustiga darvoza tushib, tagida qolgan, o‘quvchilar darvozani ko‘tarib, tez yordam chaqirgan.

40 daqiqada tez yordam kelgan, bolaning otasini chaqirishgan. Ular bolani “SamPI”ga olib borgan, reanimatsiyaga olib kirib ketishayotganda soat 23:45 larda “qorin yopiq jarohati, jigar yorilishi, jigar venasi uzilishi, ichki qon ketishi, travmatik shok” natijasida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar