
Toshkentda hokimlik yuriskonsulti chet el fuqarosidan 70 ming dollar pora talab qilganlikda gumonib ushlandi
Toshkent shahar hokimligining Yuridik boshqarmasi yuriskonsultlaridan biri chet el fuqarosining mulki davlat ehtiyojlari uchun buzilganida berilishi kerak bo‘lgan kompensatsiyani tezlashtirib olib berish evaziga 70 ming dollar pora talab qilgaini aytilmoqda. Yuriskonsult qo‘lga olingan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jinoyat qidiruv qo‘mitasi xodimlari Toshkent shahar hokimligining Yuridik boshqarmasi yuriskonsultlaridan birini pora olish paytida qo‘lga oldi. Bu haqda DXX xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yuriskonsult chet el fuqarosiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk davlat ehtiyojlari uchun buzilgani sababli, sud qarori bilan davlat tomonidan ajratilishi belgilangan 8,8 milliard so‘m kompensatsiyani tezlashtirib olib berish evaziga pora talab qilgan.
U bunda o‘zining 1979-yilda tug‘ilgan tanishi orqali 10 foiz ulush, ya’ni 70 ming AQSh dollari olish niyatida bo‘lgan. Agar talab qilingan summa berilmasa, u Toshkent shahar hokimligi nomidan kassatsiya shikoyati berish orqali ko‘chmas mulkni qayta baholash va kompensatsiya miqdorini kamaytirish bilan tahdid qilgan.
Tezkor tadbir davomida, yuriskonsultning vositachisi xorijiy fuqarodan 70 ming AQSh dollarini olgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. So‘roq jarayonida u bir muddat avval yuriskonsultga o‘z hisobidan 50 ming AQSh dollari berganini, yana 15 ming AQSh dollarini unga yetkazishni, qolgan 5 ming dollarni esa vositachilik xizmati uchun olib qolishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, yuriskonsult 15 ming AQSh dollarini olgan paytida qo‘lga olindi.
Tekshiruvlar jarayonida u oldinroq vositachisidan olgan 50 ming AQSh dollaridan 10 mingini Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining bosh mutaxassisiga bergani ham ma’lum bo‘ldi. Yuriskonsult ko‘rsatmasiga asosan, bosh mutaxassis ham protsessual tartibda ushlanib, yuriskonsult 40 ming AQSh dollari, bosh mutaxassis esa 10 ming AQSh dollarini ixtiyoriy ravishda taqdim qildi.
Tezkor tadbirlar chog‘ida boshqa davlat idoralarida ham korrupsiya holatlari fosh etildi.
Xususan, Surxondaryoda gaz ta’minoti korxonasi rahbari yuk avtomashinasi tabiiy gaz quvuriga shikast yetkazgan holat bo‘yicha jarima bekor qilinishi uchun 400 AQSh dollari va 500 ming so‘m talab qilgan. U 3,9 mln so‘m va 100 AQSh dollari olgan paytida qo‘lga olindi.
Jizzax viloyatida Kadastr agentligi xodimi noqonuniy qurilgan uy hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 400 AQSh dollari olganida qo‘lga olindi.
Qashqadaryoda kadastr muhandisi 2 gektar yerni sotish va hujjatlashtirish uchun 585 mln so‘m talab qilib, 17 ming AQSh dollari olgan paytida qo‘lga olindi.
Qarshida Majburiy ijro byurosi xodimi 554 mln so‘m miqdoridagi zararni undirish jarayonini tezlashtirish evaziga 2 mln so‘m va 100 AQSh dollari olgan paytida qo‘lga olindi.
Sirdaryoda “Energosavdo” inspektori fermer xo‘jaligini elektr tarmog‘iga ulab berish uchun 7 mln so‘m pora olgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.










Soʻnggi yangiliklar







