Toshkentda favqulodda chaqiruv tugmasiga ega avtobus bekatlari o‘rnatiladi
Poytaxtda favqulodda chaqiruv tugmasi va multimedia tizimiga ega avtobus bekatlari o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Toshkent shahrida yangi turdagi avtobus bekatlari o‘rnatiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi turdagi bekatlar 2 xil o‘lchamda ishlab chiqariladi. Ulardan biri 3,2 metr, ikkinchisi esa 6,50 metr uzunlikda bo‘ladi.
Bekatlar mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan tayyorlanmoqda. Ularda zamonaviy multimedia tizimlari va tezkor chaqiruv tugmalari mavjud bo‘ladi.
Moslamaning 80 foiz qismi metalldan tayyorlanadi. Shuningdek, 10 foiz qismi plastik, 30 foizi esa oynadan bo‘ladi. O‘rindiqlar yog‘ochdan tayyorlanishi aytib o‘tilgan.
Bekatdagi oyna -25 daraja sovuq hamda +60 daraja issiqqa bardosh bera oladi. Oyna chidamliligini oshirish uchun 800 daraja haroratda toblanadi. Uning qalinligi 12 mm.
Qurilmaga tezkor chaqiruv xizmati uchun tugma o‘rnatilmoqda. Bu orqali ichki ishlar organlariga murojaat qilish mumkin. Shu bilan birga, videokuzatuv kamerasi o‘rnatiladi.