Toshkentda daraxt ko‘chatxonalari tashkil etiladi
Ular poytaxtning har bir tumanida ochiladi.

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning qarori bilan Toshkent shahrining har bir tumanida har xil turdagi ko‘chatlar yetishtiriladigan ko‘chatxonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pitomniklar maydoni kamida 100 kvadrat metrga yetadi. Ularni joylashtirish bilan tuman hokimliklari shug‘ullanadi. Bir oy muddatda tuman obodonlashtirish boshqarmalariga qarashli yer maydonlarida urug‘ va buta qalamchalaridan ko‘chat yetishtirishni tashkil etishlari lozim.
Buning uchun hokimliklar Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi va hokimlikning qurilish, to‘siqsiz muhit, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari kompleksi tomonidan ishlab chiqilgan urug‘ va qalamchalardan buta ko‘chatlarini ko‘paytirish bo‘yicha taqsimot dasturini tasdiqlaydi.
Joylarda jami 574 ming 450 tup har xil turdagi butalar ekilishi rejalashtirilgan. Qalamchalarni parvarishlash, muhofaza qilish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, daraxt va butalarni organik va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarini tashkil etadi.
Tuman hokimliklari dastur bo‘yicha buta ko‘chatlarini yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taklif kiritadi. Bundan tashqari, hokimiyat ekologiya boshqarmasi, obodonlashtirish bosh boshqarmasi va tuman obodonlashtirish boshqarmalari ishtirokida maxsus o‘quv seminarlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Tuman obodonlashtirish boshqarmalari, o‘z navbatida, dastur ijrosini monitoring qilib, har oyda Toshkent shahar hokimligiga axborot kiritib boradi. Farmoyishlar ijrosini Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov nazorat qiladi.
Izohlar