Toshkentda avtobuslar Qurbon hayitida bepul ishlaydi
Bu chora bir necha soat davom etadi.

Toshkent shahrida Qurbon hayiti munosabati bilan avtobuslar soat 03:00 dan ish boshlaydi va soat 10:00 gacha yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatadi, deb xabar bermoqda poytaxt Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hayit namozida ishtirok etishni rejalashtirgan fuqarolar jamoat transportidan foydalangan holda yetib olishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida mutasaddilar tomonidan shunday choralar ko‘rilgan. Avtobuslar bilan birga 6-iyun kuni soat 03:00 dan 10:00 gacha metro bepul ishlaydi. 7 va 8-iyun kunlari metropoliten avvalgi tartibda ishlay boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 6 iyun — Qurbon hayiti kuni Toshkent shahridagi 122 ta masjidga tutash ko‘chalarda avtomobillar harakati vaqtincha cheklanadi. IIBB cheklovlar fuqarolarga qulaylik va xavfsizlikni ta’minlashga yordam berishini ma’lum qilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda Qurbon hayitida o‘n minglab huquq-tartibot idoralari xodimlari tartibni nazorat qilishi haqida xabar berilgandi. Bayram tadbirlarida millionlab fuqarolar ishtirok etadi.
Izohlar