Toshkentda “aqlli” suv hisoblagichlari o‘rnatila boshlandi
Yangi hisoblagichlar aniqroq va tezkorroq bo‘ladi.

Toshkentda aholiga “aqlli” suv hisoblagichlari bepul o‘rnatila boshlanadi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar eski hisoblagichlarning ko‘rsatkichlari har doim ham ma’lumotlar bazasiga o‘z vaqtida uzatilmagani, natijada chalkashliklar, shuningdek, to‘lovlarni amalga oshirishda kechikishlar yuzaga kelgani sababli suvni hisobga olishning yangi raqamli texnologiyalarini joriy etadi. Endi toshkentliklarning turar joylarida “aqlli hisoblagichlar” paydo bo‘ladi, ular yanada aniqroq, shuningdek, kerakli ma’lumotlarni o‘z vaqtida aniqlab, tizimga kiritishlari mumkin bo‘ladi.
Xususan, yangi smart-hisoblagichlar quyidagi funksiyalarni bajarishi mumkin:
- iste’mol qilinadigan suvning hajmi va bosimini aniq o‘lchash;
- nosozliklarni va chetdan aralashuvni aniqlash;
- barcha ma’lumotlarni masofadan uzatish.
Qayd etilishicha, dastlabki sinovlar Shayxontohur tumanining ayrim hududlarida o‘tkazilgan, so‘ngra hisoblagichlarni almashtirish ishlari 2025-yilning uchinchi choragida Yangihayot tumanida boshlanadi. Yangi tizim nafaqat xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi, balki suv iste’molining aniq va shaffof hisobini ta’minlaydi, deb rejalashtirilgan. Aholi uchun hisoblagichlarni almashtirish bepul bo‘ladi.
Avvalroq issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalarni butunlay bekor qilmoqchi ekani haqida xabar berilgandi. “Issiqlik ta’minoti” kompaniyasi boshqaruvi raisi bunday tizim soha rivojiga to‘siq bo‘layotganini aytdi.
Izohlar