Toshkentda 2 nafar maktab o‘quvchisida sil kasalligi aniqlandi
Shayxontohur tumanida 11-sinf o‘quvchisi sil kasalligini sinfdoshiga yuqtirgani aniqlangan.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 59-maktabning 11-sinf oʻquvchisida sil kasalligi aniqlangan. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Oʻquvchi qiz 2024-yil 26-dekabrda Toshkent shahar 3-sonli ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.
“Bemor opasining soʻzlariga koʻra, singlisi soʻnggi oylarda tez-tez betob boʻlgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor koʻrigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Aniqlanishicha, dispanserda oʻtkazilgan rentgenografiya tekshiruvida qizga “Oʻng oʻpka yuqori boʻlagi yalligʻlangan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qoʻyilgan va u Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.
Vazirlik oʻquvchi qiz bilan uyda muloqotda boʻlgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024-yil 27-dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan oʻtkazilgani va ularda faol sil kasalligi aniqlanmaganini maʼlum qilgan.
Bemor bilan muloqotda boʻlgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59- maktabning, shuningdek, bemor qoʻshimcha darsga qatnagan xususiy oʻquv maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan oʻtkazilgan.
Tekshiruvlarda qizning yaqin dugonasi boʻlgan sinfdoshida ham sil aniqlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Bundan tashqari, 3 nafar oʻquvchi va 1 nafar oʻqituvchida kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.
Holat boʻyicha 59-maktab direktoriga nisbatan Sanepid Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Maʼlumot uchun, hozir 59-maktabda kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sabab bu maktabning boshlangʻich sinf oʻquvchilari 115-umumtaʼlim maktabida, yuqori sinf oʻquvchilari esa tumandagi 82-sonli umumtaʼlim maktabida oʻqishni davom ettiryapti.
SSVga koʻra, 2025-yilning 21-yanvarda 82-sonli umumtaʼlim maktabida takroriy zararsizlantirish va dimlash tadbirlari, 2025-yil 22-yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari oʻtkazilgan. 115-maktabda esa zararsizlantirish 23-yanvarda tashkil qilingan.
Мавзуга оид хабарлар:
Soʻnggi yangiliklar







