O‘zbekiston

Toshkent yaqinida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlandi

Havo bandargohidan o‘nlab milliard dollar daromad kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasi bilan tanishib, uning qurilishiga start berdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Prezident transport infratuzilmasini rivojlantirish va havo qatnovlarini modernizatsiya qilish bundan buyon ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi. Kelgusi besh yilda aviaparkdagi samolyotlar soni 180 taga, yo‘nalishlar soni 230 taga, ichki va xalqaro qatnovlar hajmi yiliga 200 mingtaga yetkaziladi. Aeroportlar infratuzilmasini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish chora-tadbirlari izchil davom ettiriladi.

Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tahlillarga ko‘ra so‘nggi sakkiz yilda poytaxtga avia yo‘lovchilar oqimi 3 karra oshib, yiliga 9 millionga yetdi. 2040-yilga borib, 24 milliondan oshadi. Lekin yiliga 11 million odamga xizmat ko‘rsatadigan hozirgi aeroport shahar hududida joylashgani uchun uni kengaytirishning imkoniyati yo‘q.

Sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 ming 300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda. Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Incheon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha 4 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi.

Bu bilan terminallar orqali yiliga 20 million nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyati yaratiladi. Ushbu aeroport aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining talablariga to‘liq javob beradi.

Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimlari o‘rnatilib, har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi. Yana bir muhim jihati, bu loyiha “yashil” standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport bo‘ladi. Terminallarda 46 ming kvadrat metrlik “Duty free” zonasi tashkil etiladi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq pullik avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Eng asosiysi, yangi aeroport iqtisodiy jihatdan ham davlat uchun jozibador bo‘lib, bu loyiha mamlakatimizga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi. Mamlakatda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, turizm sohalarining yanada rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlarining ochilishiga hissa qo‘shadi. Davlat rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar, moliya tashkilotlari, turistik kompaniyalar vakillariga minnatdorlik izhor etdi. Yangi aeroportning barpo qilinishida qatnashadigan barcha mutaxassislar, muhandislar va qurilish jamoasiga yuksak ishonch bildirdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная