
Toshkent viloyatidagi YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
Dushanba kuni ertalab Toshkent — Bekobod yo‘lida sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Yuk mashinasi haydovchisi rulda uxlab qolgan va mashina qarama-qarshi bo‘lakka chiqib ketib, Isuzu bilan to‘qnashgan. Jarohatlanganlar ham bor.

Toshkent viloyati Piskent tumanidagi yo‘l transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, holat 17-mart kuni soat 06:30 atrofida tuman hududidan o‘tuvchi Toshkent — Bekobod yo‘lida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, harakatlanib ketayotgan yuk mashinasi haydovchisi uxlab qolishi oqibatida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Oqibatda Isuzu avtomobili bilan to‘qnashgan.
Hodisada yuk avtomobili haydovchisi va yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.
Voqea joyiga Toshkent viloyati SSB tibbiy xodimlari, viloyat IIBB, FVB va boshqa tashkilot mas’ullari jalb etilgan. YTHning barcha ishtirokchilariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga yetkazilgan.
Voqea yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish va zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.
Soʻnggi yangiliklar







