Toshkent viloyatidagi bo‘yoq zavodida yirik yong‘in yuz berdi
Zangiota tumanida joylashgan bo‘yoq zavodida sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirishga qariyb 4,5 soat vaqt ketdi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan bo‘yoq ishlab chiqarish zavodida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, yong‘in soat 18:56 da batamom o‘chirilgan.
Erkin MFYda joylashgan bo‘yoq ishlab chiqarish sexi binosida chiqqan yong‘in haqida 10 sentabr soat 14:15 da viloyat FVBga xabar berilgan.
Yong‘in o‘chirish ekipajlari tomonidan yong‘in soat 17:00 da qurshab olinib, soat 18:56 da batamom o‘chirildi, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.
Yong‘inni bartaraf etish jarayoni favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev nazoratida amalga oshirilgan.
Ayni vaqtda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda. Hurmatli fuqarolar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi sizlardan yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so‘rab qoladi, — deya ta’kidlanadi FVV xabarida.