O‘zbekiston

Toshkent viloyatida zaharlangan bolalar orasida og‘ir bemorlar yo‘q — SES

Shifoxonada 182 nafar bola qolmoqda.

Toshkent viloyatida bog‘chalarda zaharlangan yana 182 nafar bola shifoxonalarda qolmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov.

Vazirlik vakilining aytishicha, tekshiruv barcha bemorlarda o‘tkir gastroenterit tashxisini tasdiqlagan. Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, jami 960 dan ortiq bola kasalxonaga yotqizilgan. Shuningdek, mutaxassis hozirda jabrlangan bolalarning aksariyatining ahvoli barqaror deb baholanayotgani, ko‘pchiligida ijobiy dinamika kuzatilayotganini aytdi.

Hatto ilgari o‘rtacha og‘ir ahvolda bo‘lgan bolalarda ham yaxshilanish kuzatilmoqda. Og‘ir bemorlar yo‘q. Eng muhimi, barcha bolalarning davolanishi davlat nazoratida. Sog‘ayish dinamikasi ijobiy bo‘lib qolmoqda, — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili.

Eslatib o‘tamiz, huquq-tartibot idoralari Toshkent viloyatidagi bolalar bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi ortidan yetti kishini hibsga olgandi. Hibsga olinganlarning uch nafari oziq-ovqat sanoati korxonasi rahbarlari bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning mahsulotlari zaharlanishga sabab bo‘lgan. Avvalroq Shark Milk kompaniyasining kefiri shubha ostiga olingani xabar qilingandi.

Yana to‘rt kishi — bolalar bog‘chalariga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi autsorsing kompaniyalari rahbarlari. Jinoyat ishi viloyat IIBdan to‘g‘ridan to‘g‘ri Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakili Nurmat Atabekovning ma’lum qilishicha, 27-sentyabr holatiga ko‘ra, shifoxonalarda 700 nafarga yaqin bola davolanmoqda, ulardan atigi 13 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘ir. Shifoxonalarga jami 1922 nafar bola yotqizilgan, biroq ularning 959 nafarida tashxis tasdiqlanmagan.

Bolalar Toshkent viloyatidagi yettita shifoxonada davolanishni davom ettirmoqda, Olmaliq, Nurafshon, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Piskent va Quyi Chirchiq tumanlarida bolalar bog‘chalari zaharlangan.

Eslatib o‘tamiz, “Adolat” partiyasi Bosh prokuraturani Toshkent viloyatida bolalarni zaharlashda aybdorlarni jazolashga chaqirgandi. Deputatlar vaziyatni parlament nazoratiga olgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная