11 Fevral 2025, 18:58 Oʻzbekiston

Toshkent viloyatida ayol shirinliklarni ruxsatsiz yegan bolasining tana a’zolarini kuydirdi

Olmaliqda ayol shirinliklarni ruxsatsiz yegan bolasini tana a’zolariga paxta tiqib, yoqish orqali jazoladi.

Toshkent viloyatida ayol shirinliklarni ruxsatsiz yegan bolasining tana a’zolarini kuydirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir ayol uydagi shirinlikni ruxsatsiz yegan bolasining qo‘lini kuydirgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, holat bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan. X.A. (1991-yilda tug‘ilgan ayol) 2024-yil 30-oktyabr kuni 8 yoshli o‘g‘li B.A. (2016-yilda tug‘ilgan) uydagi shirinliklarni ruxsatsiz yegani sababli uni go‘yoki jazolash maqsadida barmoqlari orasi va boshqa tana a’zolariga paxta tiqib, yoqqan.

Buning natijasida esa bola tanasida 1- va 2-darajadagi kuyish yuzaga kelib, u yengil tan jarohati olgan.

Olmaliq shahar IIB tomonidan X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va yashiringani tufayli unga qidiruv e’lon qilingan. Joriy yilning 7-fevral kuni ayol protsessual tartibda ushlanib, unga tegishli sud ajrimi asosida qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Qayd etilishicha, bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan bola manfaatlari nuqtayi nazaridan o‘z kuzatuvini davom ettiradi.

Mashhur yangiliklar