Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxonalar uzluksiz gaz bilan ta’minlanadi
Prezident mutasaddilarga bu borada kompleks tashkiliy-texnik chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

2025-yil oxirigacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi issiqxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks tashkiliy-texnik chora-tadbirlar ishlab chiqiladi, deyiladi prezident qarorida.
Ushbu chora-tadbirlarni ishlab chiqish Energetika vazirligi, Toshkent va Toshkent viloyati hokimliklari, Moliya vazirligi, shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga topshirildi. Mavjud issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji, mavjud quvvatlari va tarmoqlarga ulanish imkoniyatlarini tahlil qilish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, mas’ul organlarga quyidagilar topshirildi:
- issiqxona xo‘jaliklari joylashgan tumanlardagi gaz taqsimlash tarmoqlarining texnik holatini va mavjud quvvatlarini o‘rganish;
- tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashning mavjud muammolarini, limitlar va tariflar masalalarini o‘rganish;
- issiqxona xo‘jaliklari ishidagi mavjud uzilishlarning oldini olish choralarini ko‘rish;
- energiya tejamkor isitish texnologiyalarini joriy etishni, tabiiy gazdan oqilona foydalanishni va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishni ta’minlash.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy kuz-qish mavsumi uchun 10 mln tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan. Prezident mutasaddilarga mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Izohlar