Toshkent metropolitenining yana bir yangi yo‘nalishi namoyish etildi
Bu orqali 21 kilometrlik masofani 24 daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni Yangi Toshkentgacha bo‘lgan yangi metro liniyasi qurilishi rejalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “O‘zbekiston 24” telekanali.
Toshkentning 13-tumanini tashkil etadigan yangi ma’muriy poytaxt “Do‘stlik” stansiyasidan 21 kilometrlik tarmoq orqali Yashnobod liniyasi bilan bog‘lanadi.
9 ta stansiya qurilishi ko‘zda tutilgan, yo‘llarning bir qismi sharqiy aeroport yaqinidan o‘tadi, keskin burilishdan so‘ng 4 ta stansiya Yangi Toshkentning qoq markazida joylashadi. Yo‘lning bir kilometri 8 million dollarga tushadi, liniya kuniga 230 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Yo‘nalishni to‘liq 24 daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi, poyezdlar harakati oralig‘i kamida 6 daqiqani tashkil etadi.
Loyihalashtirish va qurish bilan Moskvada metro qurilishi bilan shug‘ullanuvchi “Мосинжпроект” kompaniyasi, shuningdek, Turkiyaning yirik infratuzilma kompaniyalari Dog‘uş Holding va Arccon Project shug‘ullanadi.
Shuningdek, prezidentga Chilonzor liniyasining “Pushkin” stansiyasidan boshlanadigan TTZgacha bo‘lgan liniya qurilishining batafsil rejasi taqdim etildi. Yo‘llarning bir qismi yer ustida, yana bir qismi yer ostida bo‘ladi, qurilish shu yozda boshlanadi, liniyani yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Avvalroq Toshkentda ilk metro ayol mashinistlari paydo bo‘lgandi. Hozircha xodimlar faqat yer usti liniyalarida ishlaydi.
Izohlar