Toshkent hayvonot bog‘idagi jirafa nobud bo‘ldi
6-yanvar kuni hayvonot bog‘i jonivor 11 kundan buyon suyuqlik ichishdan bosh tortayotgani va kuchsizlanib borayotgani haqida xabar bergandi.
8-yanvar, chorshanba kuni Toshkent hayvonot bog‘idagi jirafa oshqozon buralishi tufayli nobud bo‘ldi, deya xabar berdi bog‘ ma’muriyati.
“Biz jirafani saqlab qolish uchun barcha davolash usullarini qo‘lladik. Jumladan, xalqaro veterinariya videokonferensiyalarida ishtirok etgan mutaxassislarning yordami va xorijiy hamkasblar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvdan foydalandik.
Afsuski, eng yomon taxmin tasdiqlandi: patologanatomik tekshiruv natijalari jirafaning o‘limiga oshqozon buralishi sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Barcha harakatlarimizga qaramay, natija fojiaviy bo‘ldi. Jirafalarning anatomik va fiziologik xususiyatlari tufayli, ularning oshqozon-ichak tizimida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib bo‘lmaydi. Chunki jahon amaliyotida bunday kasalliklarni muvaffaqiyatli davolash holatlari mavjud emas”, deyiladi xabarda.
6-yanvar kuni hayvonot bog‘i jonivor 11 kundan buyon suyuqlik ichishdan bosh tortayotgani va kuchsizlanib borayotgani haqida xabar bergandi.
“Bizning jirafamizda kasallik belgilari paydo bo‘lganda va „oshqozon atoniyasi“ tashxisi qo‘yilganda, hayvonot bog‘i xodimlari va veterinarlar darhol davolash ishlarini boshlashdi. Shu bilan birga, Rossiya va Estoniyadagi jirafalar bo‘yicha yetakchi veterinarlardan maslahat olindi va video konferensiya o‘tkazildi”, deyiladi tashkilot xabarida.
Hozirda Toshkent hayvonot bog‘ida ikkita jirafa qoldi.