18 Dekabr 2024, 17:40 Oʻzbekiston

To‘rt hududda 675 mln so‘mlik gaz va “svet”dan noqonuniy foydalanildi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

To‘rt hududda 675 mln so‘mlik gaz va “svet”dan noqonuniy foydalanildi

Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Yangi Namangan tumanida fuqarolar M.X. va D.A. “Bunyodkor” MFY hududidagi savdo do‘konida elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib, 245,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Shuningdek, Toyloq tumanida “Q.A.” MChJ rahbari B.Sh. “Adas” MFY hududidagi g‘isht ishlab chiqarish sexida o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, 186,1 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Shu bilan birga, Oltiariq tumanida “S.O.” fermer xo‘jaligi rahbari S.O. suv nasoslarini elektr energiyasiga o‘zboshimchalik bilan ulab, 141,4 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Bundan tashqari, Uzun tumanida “Y.A.” MChJ boshqaruvchisi X.Y. “Yangi hayot” MFY hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichga tashqi taʼsir o‘tkazib, 101,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar