Shavkat Mirziyoyev TIV va diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda xorijdagi reydlar chog‘ida fuqarolar huquqlari buzilayotgani ortidan jamoatchilikning noroziligi kuchayib borayotganiga to‘xtaldi, deb xabar bermoqda prezident matbuot kotibi.

Davlat rahbari bunday holatlarning aksariyatida TIV faqat rasmiy nota yuborish bilan cheklanishini aytib, elchi va konsullar har bir shunday holat bo‘yicha malakali yuridik yordam ko‘rsatishi, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shartligini ta’kidladi.

Prezident, shuningdek, xorijdagi yoshlar yoki talabalarning turli buzg‘unchi oqimlarga qo‘shilib qolishi jiddiy xavotir uyg‘otishi kerakligini aytdi.

Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini o‘rganib, yechimi bo‘yicha ishlashi shartligi qayd etildi, — deyiladi xabarda.

Mutasaddilarga xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlar uchun bepul koll-markaz ishga tushirish, tegishli vazirliklar bilan birga ularning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish tizimini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.