19 Iyul 2024, 11:50 Oʻzbekiston

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etiladi

Prezident qarori bilan, Termiz shahridagi ikkita oliy o‘quv yurti negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etilmoqda.

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etiladi

“Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar berildi.

Qarorga ko‘ra, Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini qo‘shib yuborish orqali ularning negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etiladi.

Muhandislik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

2024/2025-o‘quv yilidan universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi. Bunda, yirik ishlab chiqarish korxonalari Ilg‘or muhandislik maktabiga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.

2025/2026-o‘quv yilidan:

  • universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuboriladi;
  • universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlariga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.

Universitetga xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotining dasturi asosida o‘z taʼlim dasturlarini shakllantirish huquqi beriladi.

Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025-o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda universitet diplomi beriladi.

Mashhur yangiliklar