Temur Malik koʻchasi salkam 200 mlrd soʻmga rekonstruksiya qilinmoqda
Qurilish-montaj ishlari ikki bosqichda amalga oshirilyapti. 1-bosqichda 28 metrli yoʻl oʻtkazgichini qurish uchun 128,6 mlrd soʻm, 2-bosqichda 2 km yoʻl qismining qurilish-montaj ishlariga 67,9 mlrd soʻm ajratilgan. 2022-yil dekabrida ushbu 2 km yoʻlni taʼmirlash loyihasi 41,2 mlrd soʻmga baholangandi.
Mirzo Ulugʻbek tumanining Temur Malik koʻchasi, aniqrogʻi M39b Toshkent halqa avtomobil yoʻlining 34-36 km qismi rekonstruksiya qilinmoqda. Toshkent shahar hokimiyati taʼmirlash ishlarining birinchi bosqichi yakuniga yetib qolganini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, loyihaning dastlabki qismida bitta avtomobil oʻtkazgich yoʻli hamda ikkita piyodalar uchun yerosti yoʻli barpo qilinadi. Birinchi piyodalar uchun yerosti yoʻli Temur Malik va Mirzo Ulugʻbek koʻchalari kesishmasida, ikkinchisi esa Temur Malik koʻchasida yangi qurilayotgan masjid roʻparasida joylashadi.
“Bu yerda ayni vaqtda qurilish ishlari yakunlangan, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Uzunligi 40 metr, eni 4,5 metrni, balandligi 2,5 metrni tashkil etuvchi piyodalar yerosti yoʻlida jarayonlar davom etmoqda. Bu yerda zinalar, estakada va lift boʻladi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Temur Malik koʻchasida taʼmirlanayotgan 2 kmdagi yoʻlning harakat tasmalari soni 4 tadan 6 taga koʻpaytiriladi. Unda velosiped uchun ham yoʻlak, yashil hudud hamda koʻprik ustida ortga qayrilish uchun yoʻl qilinishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida quriladigan yoʻl oʻtkazgichning uzunligi esa 28 metr, eni 55 metr boʻlishi, uning harakat qatnovi uchun tasmalar 4 taga ajratilishi aytildi. Maʼlumotlarga koʻra, ishlarning 60 foizi yakunlangan, tez orada bu yoʻllar aholiga foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Termiz aeroportidagi rekonstruksiya ishlari toʻliq yakunlandi