28 Avgust 2024, 08:50 Oʻzbekiston

“Tashabbusli byudjet”. Ovoz yig‘ishga majburlash holatlari boʻyicha 40 ga yaqin shikoyat tushdi

Shikoyatlar o‘z tasdig‘ini topsa, loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatilishi yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin.

“Tashabbusli byudjet”. Ovoz yig‘ishga majburlash holatlari boʻyicha 40 ga yaqin shikoyat tushdi

“Tashabbusli byudjet”ning 2024-yilgi 2-mavsumida ovoz yigʻishga majburlash holatlari yuzasidan 39 ta shikoyat tushdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumot berdi.

Ovoz berish bosqichi davomida fuqarolar tomonidan bugungi kunga qadar “1282” ishonch raqamiga ovoz yigʻishga majburlash holatlari boʻyicha jami 39 ta shikoyat kelib tushdi, deyiladi xabarda.

Qayd qilinishicha, eng koʻp shikoyat Fargʻona viloyatida (7 ta) tushgan. Shuningdek, Toshkent shahrida 6 ta, Namangan va Jizzax viloyatlarida 5 tadan shikoyat tushgan.

Eng koʻp shikoyat umumtaʼlim maktablari (19 ta) va tibbiyot tashkilotlari boʻyicha (16 ta) qayd etilgan.

Vazirlikning eslatishicha, barcha murojaatlar tegishli tuman (shahar) Xalq deputatlari Kengashlariga yuboriladi hamda holat oʻz tasdigʻini topsa, mazkur loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi yoki gʻoliblar roʻyxatidan chiqarilishi mumkin.

“Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024-yil 2-mavsumidagi loyihalarga ovoz berish jarayoni 22-avgustda boshlandi va 31-avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi. Loyihalar uchun 2 trln soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Mashhur yangiliklar