O‘zbekiston

Talabalar yarim yil ichida yuzlab jinoyatlar sodir etgan: Toshkentda eng ko‘p

OTM talabalari ko‘pincha o‘g‘rilik, bezorilik, firibgarlik va tan jarohati yetkazish bilan qo‘lga tushadi.

Фото: Ситуативное

Oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan 2025-yilning olti oyida 300 dan ortiq jinoyat sodir etilgan.

Senatorlar oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Ularning fikricha, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borish, ota-onalar bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish masalalariga e’tiborni kuchaytirish talab etiladi. Bu boradagi ishlarning yetarli darajada tashkil etilmaganligi talabalar o‘rtasida nosog‘lom muhitning shakllanishiga, ayrim hollarda esa huquqbuzarlik va jinoyatchilikning sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar-iyun oylarida 102 ta oliy ta’lim muassasasi talabalari tomonidan 307 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlar tashkil etadi. Hududlar kesimida eng ko‘p jinoyatlar Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Oliy ta’lim muassasalari kesimida eng ko‘p jinoyatlar Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga to‘g‘ri keladi.

Ayrim oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni muntazam nazorat qilinmagani va talabalarning darslarga qatnashishi yetarli darajada monitoring qilinmagani oqibatida talabalar tomonidan o‘quv vaqtida, ya’ni soat 08:00 dan 16:00 gacha jinoyatlar sodir etilgan, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ayrim OTMlar tyutorlarni biriktirish tartibiga rioya qilmayapti. Shuningdek, talabalarning yotoqxonalarga kirishi va chiqishi, tungi vaqtda yashashi va bo‘lishi yetarlicha nazorat qilinmayapti. So‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga qaramasdan, sohada faoliyat yuritayotgan shaxslarga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha bir qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Senatorlar bu aholining haqli e’tirozlari va fuqarolarning adolatsizlikdan shikoyatlari sonining keskin oshishiga olib kelayotganini tanqid qildilar. Muhokama yakunida tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Avvalroq O‘zbekistonda abituriyentlarning deyarli yarmi minimal ball to‘play olmagani haqida xabar berilgandi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная