
Taksi haydovchilariga avtoturargohlarga bepul kirishga va belgilanmagan joylarda toʻxtashga ruxsat beriladi
Imtiyozdan hamma ham foydalana olmaydi.

Oʻzbekistonda “Avtomobil transportida yoʻlovchi tashish faoliyatini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjatga koʻra, yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksilar “Toʻxtash taqiqlangan” yoʻl belgisi amal qiladigan hududda, shu jumladan aeroportlar va vokzallar yaqinida yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish uchun toʻxtashi, aeroportlar, temir yoʻl va avtovokzallar, qurilish materiallari bozorlari, dehqon va buyum bozorlari, shuningdek savdo majmualari ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan taqdirda ularning pulli toʻxtash joylariga bepul kirishi mumkin.
Shuningdek, yoʻnalishli transportlar uchun ajratilgan maxsus yoʻlaklarda harakatlanish huquqiga ega boʻladi. 2025-yil 15-apreldan 2026-yil oxirigacha Toshkent shahrida eksperiment tariqasida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan, Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan 4 tadan 8 tagacha oʻringa moʻljallangan yuqori qulaylikdagi transport vositalarida yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchilarni tashishga ruxsat beriladi.
Bunda oʻzini oʻzi band qilgan tashuvchilardan litsenziya berilganligi uchun BHMning 3 baravari (1 125 000 soʻm) miqdorida davlat boji undiriladi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning soliq davrida ushbu xizmatlarni koʻrsatishdan olgan daromadi 100 mln soʻmdan oshgan taqdirda, ular tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar soliq organlari tomonidan yuborilgan xabarnoma asosida yuridik shaxslar tomonidan toʻlov manbaida ushlab qolinadi.
Soʻnggi yangiliklar







